Ochiq chehralik
Qovog’i soliq
do’stlarimizga..Hayot tashvishlarimiz ko’p. Charchaganmiz.
Lekin o’zgalarga qovoq
solib, zahrimizni sochishimiz bizning yumushlarimiz, hayot
tashvishlarimizni biroz bo’lsada engillatib, ozaytirarmi?! Do’stim,
qadrdoningni ko’rganda uni yuzingda tabassum bilan qarshi ol!
Payg’ambarimiz s.a.v. aytganlaridek: "Birodaringni ochiq chehra bilan
qarshi olishing ham sadaqa (qilgan hisobiga o’tar).” (Imom al-Buxoriy
rivoyati).
Sadaqa qilganlik savobi beriladigan
tabassum qanday tabassum?
Bu kabi savobga qanday erishish
mumkin?
Ushbu savollarga javob topishdan
oldin inson qiyofasida zohir
bo’ladigan tabassum turlarini bir-biridan ajratib olsak.
1- Xursandchilik tabassumi. Bu
inson ishi yurishib, omadi kelganda
yuzida paydo bo’ladigan hayotdan mamnunlik belgisi.
2- Istehzoli tabassum. Bu inson
"do’stining” muvaffaqiyatsizlikka
uchrayotgani, ishi ortga ketayotganini ko’rib yuzida paydo bo’ladigan
ma’noli kulgi.
3- Munofiqona tabassum. Bu inson
ko’zlagan ba’zi bir dunyoviy
maqsadlariga erishish uchun yuzida majburan paydo bo’ladigan kulgi.
4- Qo’rquv, xavf-xatar tabassumi.
Bu inson biron bir zarar yetib
qolishidan xavfsirab yoki qilib qo’ygan biron bir aybini bekitish
maqsadida yuzida qo’rquvdan paydo bo’ladigan kulgi.
5- Devonacha tabassum. Bu inson
o’zini aqliy boshqara olmay qolgan
holatda paydo bo’ladigan kulgi.
6- Biron bir qiziqarli voqea,
hodisa to’grisida yoki biron bir
hajviya eshitganda inson yuzida paydo bo’ladigan oddiy, sodda kulgi.
7- Do’stlik tabassumi. Bu bir
musulmonning do’stini ko’rganda dilida
unga nisbatan bo’lgan muhabbati jo’sh urib, qalbi yorishib yuzida paydo
bo’ladigan samimiy kulgi. Huddi mana shu tabassum to’g’risida
hadisda bayon qilingan. Bu tabassum xolis, samimiy tabassumdir.
Demak, kishi mazkur tabassum bilan birodari qalbiga yo’l topar ekan,
huddi shuningdek uning qovoq solib, yuzini burishtirishi ham birodari
nafratiga sabab bo’ladi. Bu kabi tabassum kishi asablaridagi taranglikni
yumshatib, uning hayot tashvihslarini osongina yengib o’tadigan nekbin
inson bo’lishiga yordam beradi.
Hayo libosi
E’tiqodi yo’qning hayosi
yo’q!
Hayo
insondagi buyuk bir fazilat bo’lib, u har lahza insonni
insoniylik sha’niga noloyiq ishlardan qaytarib turadi. Payg’ambarimiz
s.a.v. dedilar: "Hayo faqatgina yaxshilik keltirar.” Shuningdek,
rasululloh s.a.v. hayo imon-e’tiqodning ajralmas bir bo’lagi ekanining
xabarini berdilar.
Abu Hurayra r.a.dan rivoyat
qilinadi, rasulululoh s.a.v. dedilar:
"Imon-e’tiqod oltmish (ba’zi rivoyatlarda etmish) dan ortiq qismdan
iboratki, uning eng oily darajsi "La ilaha illalloh” kalimasi bo’lsa,
quyi darajasi (odamlar yuradigan) yo’ldan (ularga) ozor etkazadigan
narsalarni olib tashlash (bilan bo’ladi). Hayo ham imonning bir
bo’lagidir.” (Imom al-Buxoriy, Imom Muslim va boshqa muhaddislar
rivoyati)
Rasululloh s.a.v. (bir kuni) bir
kishining birodarining
hayoli, uyatchanligi uchun unga dashnom berayotganligining ustidan
chiqib qoldilar. Shunda unga "Uni tinch qo’y! Hayo-bu imonning bir
bo’lagi! ” degan edilar. Yuqoridagi hadislar hayoning buyuk fazilat
ekaniga yetarli asosdir.
Ibn al-Qayyim bu borada quyidagi
fikrlarni bildirgan: "Hayo so’zi
arab tilida "hayat”-tiriklik, harakat so’zidan yasalgan. Shu bois
qalbning hayotiylik darajasi hayoning undagi o’rni, quvvatiga qarab
belgilanadi: hayoning kamligi-bu qalb va ruhning o’likligidan nishona.
Qalb tirik bo’lishi uchun hayo mukammal bo’lmog’i lozim. Hayo bu shunday
fazilatki, u insonni behayo ishlarni qilishiga monelik qilib, birovning
haqqini urib qolishiga to’sqinliklik qiladi.”
Hayo odatda ikki xil bo’ladi:
1.Banda va xudo o’rtasidagi hayo;
2.Odamlar o’rtasidagi hayo;
Banda va xudo o’rtasidagi hayo-bu
bandaning Rabbisi ko’z o’ngida
Uning buyruqlariga teskari ish qilishi, unga osiylik qilishidan
uyalishi, hayo qilishidir. Ushbu tur hayoni payg’ambarimiz s.a.v.
quyidagicha bayon qiladilar: "U zotdan chinakamiga uyaling! Ular
(sahobalar) biz ham hayo qilayotirmiz, deyishdi. U zot s.a.v. sizning
hayoyingiz bo’lmaydi (yaramaydi). Alloh taolodan chinakamiga hayo
qiladigan kishi boshi va aqlu ongini, qorni va havoyi nafsini jilovlab,
muhofaza qila oladi, o’lim va (boshiga tushgan) falokatni doimo yodida
tutadi. Oxiratni degan kishi dunyo ziynatiga ko’ngil bermaydi. Mana shu
ishlarni qila oladigan kishi chinakamiga Alloh taolodan uyaladigan, hayo
qiladigan kishidir.” (Imom at-Termiziy rivoyati)
Rasululloh s.a.v. banda va xudo
o’rtasidagi hayoni mana shu uslubda
bayon qildilar, uning ba’zi bir jihatlarini ko’rsatib o’tdilar: demak,
bu- tanasidagi a’zolarning gunoh ish qilishidan tiyish, o’lim haqligini
eslab turish, dunyoga ko’ngil bermaslik, oxirat ishlari qolib dunyo
ortidan quvib, uning lazzatlari bilan ovora bo’lib qolishdan ehtiyot
bo’lishdir. Odamlar o’rtasidagi hayo kishini insoniylik sha’niga
noloyiq ishlarni qilib qo’yishdan qaytarib turadi. Shu bois kishi
odamlarning uni biron bir gunoh, noloyiq bir ish ustida ko’rib qolishini
o’zi uchun ayb deb biladi. Bu kabi hayo kishini beodob, behayo
bo’lishining oldini oladi. Alloh taolodan chinakamiga uyalgan kihsi esa
har bir holatda-odamlar orasida bo’ladimi yoki yolg’iz qolgandami-Alloh
man qilgan ishlarni qilmas. Bu esa Alloh taoloni tanishdan, uning
ulug’vorligi, salobatini anglab yetishdan, bandasining oshkora-yu maxfiy
ishlaridan ogoh ekanligini butun vujudi bilan his qilishdan hosil
bo’lgan bandalik hayosidir. Mana shu hayo imon-e’tiqodning ajralmas bir
bo’lagi. Odamlarning o’zaro o’rtalaridagi hayo kishini yomon
hatti-harakat va yomon xulqdan uzoq bo’lishga-og’zi buzuq, chaqimchi,
benomus, axloqsiz bo’lishiga, gunoh va behayo ishlarni bemalol qilishiga
yo’l bermaydi. Bandaning Rabbisidan qilgan hayosi esa uni ichki,
maxfiy, sirli, ma’naviy buzuqlikdan tiyilishiga sabab bo’ladi. Demak,
Rabbisidan hayo qilmay odamlardan hayo qiladigan kishi chinakam
imon-e’tiqodi bo’lmagan hayoli kishidir. Rasululloh s.a.v. bunday
deganlar: "Odamlarning mendan oldingi payg’ambarlarning aytgan gaplari
(keltirgan xabarlari) dan idrok qilib olganlari: uyalmasang, bilganingni
qilaver, bo’ldi.”(Imom al-Buxoriy rivoyati)
Hayosi yo’q kishi ko’ngli tusagan
ishga qo’l urishi mumkin. Sahoba
Salmon al-Forsiy r.a. bunday deganlar: "Alloh taolo qaysi bir bandasini
(uning qilgan ishi sabab) halok qilishni iroda etgan bo’lsa, undan avval
hayo libosini yechib olar. Shunda u yoqimsiz kishi bo’lib qoladi.
Bunday yoqimsiz kishidan keyingi galda sadoqat, rostgo’ylik libosini
yechib olar. Endi u xoin, sotqinga aylanib qoladi. Keyin bunday xoin,
sotqindan rahm-shafqat libosini tortib olar. Endi u toshbag’ir inson
bo’lib qolar. Keyin bunday bag’rioshdan imon libosini echib olarki, endi
u bamisoli la’nati shayton bo’lib qolar.” Ibn Abbos r.a. bunday
deganlar: "Hayo va imon-e’tiqod ikkisi bamisoli egizakdir. Biridan
mahrum bo’lgan kishi ikkinchisidan ham ajralib qolishi muqarrar.”
Yuqoridagi hadislardan shu narsa ma’lum bo’ladiki, kimda-kim hayo
libosidan mahrum bo’lsa, u haromdan tap tortmaydigan, qilayotgan manfur
ishlarini xayrli deb hisoblaydigan, gunoh ish qilishdan qo’rqmaydigan
bo’lib qoladi. Qilayotgan razilligi bilan faxrlanadi. "Rabbilaridan
g’oibona qo’rqadigan kishilar katta-katta ajru mukofot sohibidirlar. Siz
oshkarami, maxfiymi gapiravering!… Shubhasiz, U qalbdagini biluvchi
zotdir. Ey, U zot lutfu karam sohibi, (barcha narsadan) ogoh zot bo’lsa,
yaratib qo’yganini (juda yaxshi) biladi!”(Mulk surasi 14 oyat)
"...bizdan emas!"dan qo'rqaylik.
"G’ishsh"(aldamchilik,
yolg'on, firibgarlik, qalloblik,
laqillatish, o'zganing haqqini yeyish va hokozolar), uning ta'rifi,
ko'rinishlari va zararlari.
Alloh taologa hamdu sano,
Rasuliga va u zotning oila ahli va
sahobalariga durudu salovatlar bo'lsin!
Alloh taolo Qur'on Karimning bir
qancha o'rinlarida firibgarlik,
qalloblik, aldamchilikni qattiq qoralagan va ushbu sifatga ega
kishilarga "Vayl" (jahannamdagi vodiy nomi) ni va'da qilgan. "O'zlariga
tortib olganda to'la-to'kis tortib olib, uni o'zgalarga tortib
berganda esa tarozidan urib qoladigan kishilarga vayl bo'lsin!”.(Al-
Mutoffifin:1-3).
Bu tarozidan urib qoluvchilar holi.
Odamlar haqqini yeydigan, ularni
laqillatib molini umaradiganlar ahvoli ne kechar ekan?!
Shuayb a.s. ham o'z qavmini bu kabi
illatdan qaytargani Qur'onda
aytib o'tilgan. Rasululloh s.a.v. ham bu kabi ishni qattiq qoralaganlar.
U zot bir kuni uyib qo'yilgan oziq- ovqat oldidan o'tib qolib,
qo'llarini uning orasiga tiqib ko'rsalar, ichi nam ekan. Shunda
sotuvchidan , bu nimasi?, deb so'radilar. U Ey Allohning rasuli, yomg'ir
suvi tushib namiqib qolibdi, dedi. U zot namiqqanini odamlarga
ko'rinarli qilib qo'ymadingmi?! Kim bizni laqillatmoqchi bo'lsa, u
bizdan emas, dedilar. (Imom Muslim rivoyati) Rasululloh s.a.v. ning
"bizdan emas", deya baho berganlari bu kabi illat naqadar xatarli,
jirkanch ekanini bildiradi. Bundan ko'ra og'irroq jazo yo’q. "g’ishsh"
so’zi ta'rifi: Al- Munaviy fikricha, "g’ishsh"- bu oppoq narsa ustiga
tushgan qop-qora dogdir. Al- Kufiy ta'rificha, "g’ishsh" bu qalbdagi
dog, yuzdagi tundlik bo'lib, bu hasad va kin mevasidir. Ko'rinishlari:
1) Oldi-sottidagi
firibgarlik, qallobliklar. Bu
hozirgi davrimizning dolzarb masalasi bo'lib, sotuvchining tovar aybini
bekitishga urinishi, mol vazn va sifatidagi kamchiliklarni oshkor
qilmasligi kabilardir. Bunda batafsil tuxtamoqchimiz:
a) Ba'zi bir
mevafurishlarning idish ustiga eng sara
mevalarni terib qo’yib, idish tagiga sifati past mevalarni solib
qo’yishi, bu bilan esa oluvchining idish sara mevalar bilan to’la ekan
deb xulosa chiqarib, aldanib qolishiga sabab bo’lishi yoki sotuvchining
mevalarni bargi bilan q’oshib sotishi;
b )
Ba’zi sotuvchilarning shisha
idish tagiga sifati past yog’ solib, ustini yuqori sifatli moy bilan
to’ldirib qo’yishi;
c) Ba’zi
sotuvchilarning molni yengil idishda sotib
olib, og’ir idishda sotishi;
d) Ba’zi
kiyimfurushlarning deffektli molni amallab
epaqiga keltirib, keyin uni deffekti bor mol ekanini aytmay turib sotib
yuborishi;
e) Ba’zilarni
kiyimni bir–ikki kun kiyib, keyin esa
uni kiyilmagan kiyim, yap-yangi deb sotib yuborishi;
f) Ba’zilarning
esa molni nam joyga tashlab qo’yib, u
namiqib vazn olgach sotib yuborish;
g) Ba’zilarning
do’konini qoramtir nur beruvchi
chiroqlar bilan bezab, bu bilan molidagi kamchilikni bekitishga
urinishi;
h) Ba’zilarning
oltinga kumushni aralashtirib, sof
oltin narxida sotib yuborish;
i ) Ba’zilarning
ishlatilgan oltin buyumni yangi
oltin buyumi narxida sotib yuborish;
j) Ba’zi
mashinafurushlarning o’ta yomon holatdagi
mashinani u yoq-bu yog’ini ta’mirlab, uncha eski bo’lmagan mashinadek
ko’rsatib, aldab sotib yuborish;
k) Ba’zilarning
anchagina yurib qo’ygan mashinaning
kilometr hisoblagich raqamini orqaga qaytarib sotib yuborish;
l ) Ba’zilarning
mashinasining nozik ayblarini bila
turib, uni aytmay oluvchida ishonch uyg’otish maqsadida xohlasangiz,
mashinani sinab ko’rishingiz mumkin, deb qasam ichib aldashga urinish;
m) Ba’zilarning
mashinasidagi haqiqiy aybini
bekitish maqsadida undagi arzimas, kichik ayblarni aytib, o’zini
diyonatli, insofli ko’rsatmoqchi bo’lib mashinasini sotishga harakat
qilishi ;
n) Ba’zilarning
mashinasining narxini ko’tarish,
qimmatroq narxda sotish maqsadida, bitta- yarimta tanishi bilan
mashinani so’rab kelganlar oldida mashinani so’rab kelgan kishi bo’lib
mashina narxini ko’tarishi xususida til biriktirib olishi;
o) Ba’zi
qassoblarning mol yoki qo’yni semiz, to’la
ko’rsatish maqsadida turli yo’llar bilan: qornini damlatib, shishirib
yoki terisiga havo to’ldirib bozorga olib chiqishi;
p) Ba’zilarning
esa sigiruning yelinli, ko’p sut
beradigan qilib ko’rsatish maqsadida uni uch- to’rt kun sog’masdan
yelinini shu yo’l bilan shishirib bozorga olib chiqishi;
2) Uylanish yoki
turmushga chiqish (qizni turmushga
uzatish) dagi qallobliklar:
a) Ba'zilarning
qizidagi ba'zi bir kasallik,
xastalikni, ayb-nuqsonini bekitib turmushga uzatishi;
Ba'zilarning
qizining uchrashuvga turli xil bo’yuq chaplab, sun’iy husn berib olib
chiqishi;
c) Ba'zilarning
o’zini boy qilib ko’rsatish
maqsadida ijaraga qimmatbaho kiyim va mashina olib uchrashuvga chiqishi
va shu yul bilan qizga uylanishi;
d) Ba'zilarning
uchrashuvga chiqqan qiz yoki
o’g’ilni ularda yo’q sifatlar bilan maqtab, ko’klarga ko'tarib quda
tomonga qiziqish uyg’otishi;
e) Ba'zilarning
yoshi o’tib qolgan qizini turli
sun’iy yo’llar orqali yoshartirib turmushga uzatishi;
3) Musulmonning
birodari bilan munosabatidagi
qallobliklar: Bu asosan musulmon kishida samimiyatning yo’qligi,
dunyoviy maqsadlarini birodarlik rishtalaridan ustun qo’yishi bilan
hosil bo’ladi. Birodarining gunoh ish qilayotganini, boshiga
g’am-tashvish tushganda, azob chekayotganini ko’rib quvonadi. Zero,
musulmon- birodarining bamisoli ko’zgusi: inson ko’zguga nazar tashlab,
o’zidagi kamchiliklarni to’g’rilab oladi. Buning uchun ko’zgu sof,
shaffof bo’lmog’i lozim. Samimiyat-bu birodariga ozor yetkazmaslik,
sirini saqlash, unga yetadigan zararning oldini olish, o’ziga ravo
ko’rganini unga ham ravo ko’rish, o’zidan yoshi katta bo’lganlarining
hurmatini joyiga qo’yish, kichiklarini izzat qilish, birodari hojatini
chiqarishda qo’lidan kelgancha yordam berish va hokozolar bilan amalga
oshiriladi. Abu al- Qosim at-Tabaroniy sahoba Jarir ibn Abdulloh al-
Bajliy r.a. dan rivoyat qiladilar, bir kuni Jarir ibn Abdulloh
g’ulomlaridan biriga bozordan ot sotib olib kelishni buyurdi. Xizmatkor
otni uch yuz dirhamga savdolashib, pulini berish uchun ot va ot egasini
Jarir hovlisiga boshlab keldi. Jarir otni ko’rib oting uch yuz dirhamdan
qimmatrog’iga arziydi, unga to’rt yuz dirham bersam maylimi?, dedi. Ot
egasi Abu Abdulloh, ixtiyoring!, dedi. Shunda Jarir yana oldingi gapini
qaytarib, har safar yuz dirhamdan qo’shib boraverdi va oxiri otni sakkiz
yuz dirhamga sotib oldi. Otning egasi undan bu ishining sababini
so’raganda, u men rasululloh s.a.v. ga har bitta musulmon birodarim
bilan samimiy munosabatda bo’laman, deya bay’at berganman!, deb javob
bergan. Ana samimiyat!…
Robbimizga yoqadigan ishlar Alloh taolo yaxshi ko’radigan
ishlardan xabardormisiz?
Yakkayu yolg’iz iloh - Alloh taologa hamdu
sano, payg’ambarimiz
Muhammad s.a.v ga durudi salavotlar bo’lsin! Alloh taolo boshqalariga
nisbatan ko’proq yoqtiradigan ishlar, hatti- harakat, joy, vaqt va
hokazolar haqida so’zlamoqchimiz:
1. Mushkirona
e’tiqodlardan xoli e’tiqod.
Payg’ambarimiz s.a.v.dedilar: "Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan din -
(mushrikona e’tiqodlardan xoli) sof e’tiqoddir.” (Imom Ahmad rivoyati)
2. Namoz o’qish,
ota- onaga mehr- muruvvat
ko’rsatish va Alloh yo’lida jihod qilish. Payg’ambarimiz s.a.v. dedilar:
"Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan ishlar (eng avval) namozni o’z
vaqtida o’qish, undan keyingisi ota-onaga mehr-muruvvat ko’rsatish,
so’ngisi Alloh yo’lida jihod qilishdir.” (Imom al-Buxoriy va Imom Muslim
rivoyatlari)
3. Imon keltirish,
qarindosh- urug’chilik
aloqalarini mustahkamlash, Alloh taolo buyurgan ishlarga targ’ib qilish
va Alloh taolo ta’qiqlagan ishlardan qaytarish. Payg’ambarimiz s.a.v.
dedilar: "Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan ishlar (eng avvali)U zot
(ning borligi va birligi)ga imon keltirish, undan keyingisi
qarindosh-urug’chilik aloqalarini mustahkamlash, so’ngisi Alloh taolo
buyurgan ishlarga targ’ib qilish va Alloh taolo qaytargan ishlardan
qaytarish.” (Abu Ya’lo rivoyati)
4. Muntazam savob
ish qilib turish (erta-yu kech
Alloh taolo itoatida bo’lish). Payg’ambarimiz s.a.v. dedilar: "Alloh
taolo eng yaxshi ko’radigan ish oz ( kichkina, kam) bo’lsada muntazam
qilinadigan savob ishdir.” ( Imom al-Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari
)
5. Alloh taoloni
(tilu dil bilan mudom) zikr qilish.
Payg’ambarimiz s.a.v. dedilar: "Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan ish-
o’lguningcha tiling U zot zikrida bo’lishidir.” (Imom at- Tabaroniy
rivoyati)
6. Masjidlar.
Payg’ambarimiz s.a.v. dedilar:
"Shaharda Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan joy undagi masjidlaridir.
Yomon ko’radigani bozorlaridir.” (Imom Muslim rivoyati)
8. Rost (chin,
yolg’on aralashmagan) so’z.
Payg’ambarimiz s.a.v. dedilar: "Men eng yaxshi ko’radigan so’z- rost
(chin, yolg’on aralashmagan) so’zdir.”
9. Dovud a.s.
o’qigan va tutgan nafl namoz va
ro’zalar kabi namoz o’qish va ro’za tutish. Payg’ambarimiz s.a.v.
dedilar: "Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan ro’za- Dovud a.s. ro’zasi: u
kishi bir kun ro’za tutsalar ertasi kuni og’izlari ochiq bo’lardi.
Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan namoz- Dovud a.s. namozi bo’lib,
kechaning yarmini uxlab, uchdan birini ibodatda o’tkazar va qolgan
oltidan bir qismida yana uxlardilar.” (Imom al-Buxoriy va Imom Muslim
rivoyatlari)
10. Ko’pchilik
bilan baham ko’rilgan ovqat.
Payg’ambarimiz s.a.v. dedilar: „Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan taom-
ko’pchilik bilan baham ko’riladigan taomdir." (Ibn Hibbon rivoyati)
11."Subhanallohi
va bihamdih" deb zikr qilish.
Payg’ambarimiz s.a.v.dedilar: „Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan kalom
bandasining „Subhanallohi va bihamdih" deya zikr qilishidir." (Imom
Muslim rivoyati)
12."Subhanalloh
val-hamdu lillah vala ilaha
illallohu vallohu akbar" deb zikr qilish. Payg’ambarimiz s.a.v.
dedilar: „Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan zikr to’rttadir:
„Subhanalloh val-hamdu lillah vala ilaha illallohu vallohu akbar"
(mazkur zikrlarning) qay biridan boshlashning zarari yo’q." (Imom Muslim
rivoyati)
13. Ko’rkam xulq,
axloq- odob egasi bo’lish.
Payg’ambarimiz s.a.v.dedilar: „Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan banda-
eng ko’rkam ahloq- odob egasi bo’lgan bandadir." (Imom at- Tabaroniy
rivoyati)
14."Abdulloh","Adurrahmon"
kabi ism qo’yish.
Payg’ambarimiz s.a.v. dedilar: „Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan ism-
"Abdulloh","Abdurrahmon" kabi ismlardir." (Imom Muslim rivoyati)
15. Odamlarga
biron bir nafi tegishi,
musulmonlarning ko’nglini ko’tarib xursand qilishi, g’am-
tashvishlarini biroz bo’lsada yengillatishga harakat qilishi,
qarzdorning qarzini uzishiga yordamlashishi, ochni to’ydirishi va
hokazolar. Payg’ambarimiz s.a.v.dedilar: "Alloh taolo eng yaxshi
ko’radigan inson-odamlarga ko’proq nafi tegadigan insondir. Shuningdek,
Alloh taolo eng yaxshi ko’radigan ish- musulmonni xursand qilishing,
uning g’am- tashvishlarini yengillatishing, qarzini uzishiga
yordamlashishing yoki qornini to’yg’azishingdir. Musulmon birodarim
hojatini chiqarish yo’lidagi harakatim men uchun masjidda bir oy
e’tikofda o’tirishimdan ko’ra yaxshiroq, ma’qulroqdir. Kimda-kim
g’azabini tiya olsa, Alloh taolo uning (fosh bo’lib qolishdan
xavfsiraydigan) sirini bekitadi. Kimda- kim g’azabini to’kib solishga
qodir bo’la turib, uni yuta olsa, Alloh taolo qiyomatda uning qalbini
mamnuniyat (xotirjamlik) to’yg’usi bilan limmo-lim qiladi. Kimda- kim
birodari hojatini chiqarish yo’lida harakat qilib, uni amalga oshishiga
sabab bo’lsa, Alloh taolo oyoqlari toyadigan Kunda uning oyoqlariga
sabot berar. Sirka asal (sifati, ta’mi) ni buzganidek, badhulqlik ham
savob ish (sifati) ni buzar.” (Ibn Abu ad-Dunyo rivoyati)
Ota-onang boshing uzra toj qilgin!
OTA-ONA HURMATINI JOYIGA QO’YISH, ULARNI E’ZOZLASH
Ota- ona hurmatini joyiga qo’yish, ularni
e’zozlash Islom dinimizning
negizlaridan birini tashkil qiladi. Bu Qur’oni Karimning bir necha
o’rinlarida va hadisi shariflarda belgilab qo’yilgan. "Rabbing mendan
boshqaga bandalik qilmangiz va ota- onaga ezgulik qilingiz, deb amr
etdi: ulardan birlari yoki ikkovlari ham sening ko’z -o’ngingda qarilik
yoshiga yetishgach, ularga "uf...” dema, ularni jerkima, ularga shirin
so’zli bo’l! Ular (poyiga) ga mehr-muruvvat (tuyg’usi)dan iborat
xokisorlik qanoti ostiga ol va ey rabbim, ular meni yoshligimda tarbiya
etkanlari kabi ularga rahm- shavqat ko’rsat, deb iltijo qilgin!”
(Al-Isro surasi, 23-24 oyatlar)
Abdulloh ibn Mas’ud r.a.dan rivoyat
qilinadi, u kishi
dedilar,"Men rasululloh s.a.v.dan qaysi ish Alloh taologa ko’proq
yoqadi? , deb so’radim? Shunda u zot o’z vaqtida o’qilgan namoz ,
dedilar. Shunda men keyinchi, dedim. Ota- onaga ezgulik qilish, dedilar.
Men yana keyinchi, deb so’radim. Alloh yo’lida jihod, deb javob
berdilar.” (Imom al- Buxoriy rivoyati) Abdulloh ibn Amr r.a.dan
rivoyat qilinadi, payg’ambarimiz s.a.v.:"Kishi ota- onasini haqorat
qilishi gunohi azimdir, dedilar. Shunda (sahobalar) : Ey Allohning
rasuli, odam ota- onasini ham haqorat qilishi mumkinmi? deyishdi. U zot
albatta, bir kishi boshqa bir kishini otasidan suksa, o’zining otasini
sukkandek, onasidan suksa, o’z onasini sukkandek bo’ladi, dedilar.”
(Imom Muslim rivoyati) Amr ibn al- Os r.a.dan rivoyat qilinadi,
rasululloh s.a.v.dedilar:"Ota rizosi - xudo rizosi, ota g’azabi – xudo
g’azabi.” (Imom at- Termiziy rivoyati) Abu Hurayra r.a.dan rivoyat
qilinadi, rasululloh s.a.v.ning huzurlariga bir kishi kelib "Ey
Allohning rasuli, odamlar orasida yaxshi munosabatda bo’lishimga
birinchi bo’lib eng haqli odam kim? deb so’radi: U zot onang dedilar. U
keyinchi, dedi. U zot yana onang, deb javob berdilar. U yana keyinchi,
dedi. Yana onang, deb javob berdilar. U undan keyinchi, deb so’radi.
Shunda u zot otang, deb javob berdilar.” (Imom al- Buxoruy va Imom
Muslim ruvoyati) Amr ibn al-Os r.a.dan rivoyat qilinadi, "Bir kishi
rasululloh s.a.v. oldilariga kelib jihodga chiqishga izn so’radi. Shunda
u zot ota- onang hayotmilar? , deb so’radilar. U ha, dedi. U zot unda
o’shalarning xizmatini qil, dedilar.”(Imom al-Buxoriy va boshqa
muhaddislar rivoyati) Rasululloh s.a.v.dedilar: "Eng katta gunoh
to’g’risida xabar beraymi? Bular – Alloh taologa shirk keltirish va ota-
onaning oq qilishidir.” (Imom al- Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari)
Rasululloh s.a.v.dedilar: "Uch toifa kishiga qiyomat kuni Alloh taolo
qiyo boqmas: ota- onasi oq qilganlar, ichkilikka ruju qo’yganlar va
berganini minnat qiluvchilar.” (Imom an- Nasoiy rivoyati) Rasululloh
s.a.v.dedilar: "Ota- onasi oq qilganlarga Allohning la’nati bo’lsin!”
(Al- Hokim an- Naysoburiy rivoyati) Abu ad- Dardo r.a.dan rivoyat
qilinadi, u kishi bunday dedilar, men rasululloh s.a.v.ning mana bunday
deganlarini eshitganman: "Ota – (bamisoli) jannatning o’rta eshigi:
xohlasang uni qo’ldan chiqaz, xohlasang uni mahkam ushla!”(Imom at-
Termiziy rivoyati) Amr ibn Murra al- Juhaniy r.a.dan rivoyat qilinadi,
bir kishi rasululloh s.a.v. huzurlariga kelib: "Ey Allohning rasuli,
Alloh taolodan o’zga iloh yo’q ekanligi va siz Allohning payg’ambari
ekanligingizga guvohlik berib besh vaqt namozimni o’qisam, moli
dunyoyimning zakotini bersam va Ramazon oyi ro’zasini tutsam, bo’ldimi?,
dedi. Shunda u zot s.a.v. kimni ota- onasi oq qilmagan bo’lsa, mazko’r
aytilgan ishlarni qilib dunyodan o’tsa erta qiyomat kuni payg’ambarlar,
siddiqlar va shahidlar bilan mana bu daraja yaqin bo’ladi, deb ikki
barmoqlarini birlashtirib ko’rsatdilar.” (Imom Ahmad va Imom at-
Tabaroniy rivoyatlari) Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, rasululloh
s.a.v.dedilar: "Uch toifa kishining qilgan iltijosi (qarg’ishi) beshak
qabuldir: nohaqlik ko’rgan kishining, musofirning va otaning o’z
farzandini qarg’ashi.” (Imom at- Termiziy rivoyati) Abu Hurayra r.a.dan
rivoyat qilinadi, rasululloh s.a.v.dedilar: "Ota- onaga oq bo’lishdan
boshqa barcha gunohlarni- Alloh taolo o’zi xohlaganining jazosini
qiyomat kuniga olib qolishi mumkin. Lekin bu gunohning jazosini kishi
o’lmasdan oldin, hayotlik chog’ida berib qo’yadi.” (Imom an- Naysoburiy
rivoyati) Muoviya ibn Johima r.a.dan rivoyat qilinadi, Johima r.a.
kelib: "Ey Allohning rasuli, jangda ishtirok etishni xohlayman. (Bu
borada) siz bilan maslahat qilish uchun keldim, dedi. Shunda rasululloh
s.a.v. onang hayotmilar, dedilar. U ha, dedi. U zot (unda borib)
xizmatlarini qilgin. Zero jannat- uning oyoglari ostidadir, dedilar.”
(Imom an- Nasoiy rivoyati) Asmo binti Abu Bakr r.a.dan rivoyat
qilinadi, u shunday xabar qiladi: "Menikiga mushrik onam (mehmon bo’lib)
keldilar, shunda men rasululloh s.a.v.dan oldimga onam kelgandilar, u
kishi bilan muomala qilsam bo’ladimi?, deb so’radim. U zot ha albatta,
muomala qilaver, deb javob berdilar”. (Imom al-Buxoriy, Imom Muslim va
Imom Abu Dovud rivoyatlari) Oyisha r.a.dan rivoyat qilinadi: "(Bir
kuni) rasululloh s.a.v. huzurlariga bir kishi yonida bir qariya bilan
kirib keldi. Shunda rasululloh s.a.v. ey falonchi, yoningdagi kishi kim
bo’ladi, deb so’radilar. U otam bo’ladilar, dedi. Shunda u zot unda u
kishidan oldinda yurma, undan oldin o’tirma, uni oti bilan chaqirma va
uni haqorat qilma!, dedilar.”(Imom at-Tabaroniy rivoyati)
Odamiylik izidan
Musulmonlarga ozor yetkazish
gunohi azim!Rasulululloh s.a.v. yo’llardan ozor yetkazadigan narsalarni
olib
tashlash imon-e’tiqodning bir bo’lagi va jannatga kirishga sabab
bo’luvchi xayrli ish ekanining xabarini berdilar. Zero yo’llarga
yo’lovchilarga ozor beradigan narsalarni tashlab ketish gunohi azim,
manfur ishdir. Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilinadi, rasulululoh
s.a.v. dedilar: "Imon-e’tiqod oltmish (ba’zi rivoyatlarda etmish) dan
ortiq qismdan iboratki, uning eng oily darajasi "La ilaha illalloh”
kalimasi bo’lsa, quyi darajasi (odamlar yuradigan) yo’ldan (ularga) ozor
etkazadigan narsalarni olib tashlash (bilan bo’ladi). Hayo ham imonning
bir bo’lagidir.” (Imom al-Buxoriy, Imom Muslim va boshqa muhaddislar
rivoyati)
Abu Hurayra r.a.dan rivoyat
qilinadi, rasulululoh s.a.v. dedilar:
"Ummatimning (umr davomida qiladigan) barcha yaxshi-yu yomon ishlari
menga birma-bir ko’rsatildi. Men ular ichida yaxshi ish yo’llardan
(yo’lovchilarga) ozor beradigan narsalarni olib tashlash va yomon ish
ustiga u-bu narsa tashlab qo’yilmagan, masjidda tuflab ketilgan balg’am
degan xulosaga keldim.” (Imom Muslim rivoyati) Abu Hurayra r.a.dan
rivoyat qilinadi, rasulululoh s.a.v. dedilar: "Odamzot zimmasida
(tanasidagi) har bir bo’g’im uchun sadaqa berish haqqi bor: quyoshli har
bir kunda ikki kishi orasini isloh qilishing ham sadaqa! Biron bir
kishiga yukini uloviga ortishiga yordamlashib yuborishing ham sadaqa
(qilganlik savobiga erishasan)! (Ochiq chehra bilan) aytilgan shirin
so’z ham sadaqa! Namoz o’qish yo’lida qo’yilgan har bir qadam ham
sadaqa! Yo’ldan (yo’lovchilarga) ozor beruvchi narsalarni olib tashlash
ham sadaqa!” (Imom al-Buxoriy va Imom Muslim rivoyati) Abu Hurayra
r.a.dan rivoyat qilinadi, rasulululoh s.a.v. dedilar: "Kishi yo’lda
ketayotib tikanli daraxt novdasiga duch kelib qolsa va uni yo’ldan olib
tashlasa, Alloh taolo undan (uning bu ishidan) mamnun bo’lib, uning
gunohini kechirar.” (Imom al-Buxoriy va Imom Muslim rivoyati)
Rasulululoh s.a.v. dedilar: "Men jannatda bir kishining hayoti dunyoda
musulmonlar yuradigan yo’ldan ularga ozor berib turgan, o’zi kesib
tashlagan o’sha daraxt ostida u yoq-bu yoqqa to’ntarilib, rohatlanib
yotganini ko’rdim.” (Imom Muslim rivoyati) Shuningdek, yo’llarga
yo’lovchlarga ozor beruvchi narsalarni tashlab ketadigan kishilar
xususida ham bir qancha hadislar rivoyat qilingan. Jumladan Abu Hurayra
r.a.dan rivoyat qilinadi, rasulululoh s.a.v. dedilar: "Odamlar yuradigan
yulga yoki ular dam oladigan soya-salqin joyga axlat tashlab ketadigan
(Alloh taolo va odamlar) qarg’ishiga qoluvchi kishilardan biri bo’lib
qolishdan hazr bo’ling!” (Imom Muslim rivoyati) Bugungi kunda bu kabi
ishlar ba’zi kishilar uchun oddiy holga aylangan. Yo’llarda turib olib
sigaret chekib, hamma yoqqa tuflab tashlash, yo’llarni qazigandan keyin
uni shu holicha tashlab ketish, tosh, temir, shisha parchalarini
uloqtirish kabilar har qadamda uchraydi. Bunda yo’lovchiga biron bir
ozor yetib qolishi, ularni xatarga qo’yish bilan gunohga qolish hissi
ko’pchilik kishilarning hatto xayoliga ham kelmaydi. Yo’l chetidagi
xiyobonlarni axlatga to’ldirish, daraxt ostida yozilib, siyib ketish,
mashina moyini oqizish, ovqat qoldiqlari, hayvon suyaklari kabi
axlatlarni tashlab ketishlar… Qani imon? Qani diyonat? Qani Allohdan
qo’rquv? Qani birodarlik hurmati? Yo’lda xorib-charchab kelayotgan kishi
dam olish uchun daraxt soyasiga kelgach tosh, shisha parchalari, axlat,
badbo’y hid kabi xunuk manzara ustidan chiqib qolsa, uning qalbidan
nimalar o’tishi mumkin? Ko’ngli og’rib, bu kabi manzaraga sabab bo’lgan
kishilarni qarg’amaydimi? Payg’ambarimiz s.a.v. birovga ozor yetkazish,
zulm qilishdan ehtiyot bo’lishni, boshqa musulmonlarning ham huquqini
hurmat qilishni uqtirmaganlarmi?! Mazlumning qarg’ishi Alloh huzurida
beshak maqbul-ku?! Biz bundan qo’rqmaymizmi? Ba’zilar mashinasi
tezligini oshirib haydab, bo’lar-bo’lmas signal chalib, yo'lovchilarni
xatarga qo’yib ko’plab baxtsiz hodisalarga sabab bo’lmoqdalar. Hali
voyaga etmagan yosh bolalarning mashina boshqarishni puxta egallamay
turib, mashinalarni katta tezlikda haydab o’tishlarining guvohi
bo’lmoqdamiz. Yana bir yetkizilayotgan ozor zaruratsiz, yo’lovchilar
harakatiga halaqit berib, ko’zini nomahramlardan tiymasdan ko’cha
o’rtasida turib olishdir. Abu Sa’iyd al-Xudriy r.a.dan rivoyat
qilinadi, rasululloh s.a.v.: "Yo’l ustida turib olishdan hazr bo’ling! ,
dedilar. Ular (sahobalar) biz faqat gaplasgib turibmiz, xolos,
deyishdi. Rasululloh s.a.v. unda "yo’l haqqi”ni bering, dedilar. Ular ey
Allohning rasuli, bizga yo’l haqqi nimaligini o’rgating, deyishdi.
Shunda u kishi yo’l o’rtasida turar bo’lsangiz ko’zingizni nomahramdan
tiying, birovga ozor yetkazib qo’yishdan ehtiyot bo’ling, salomga alik
oling, (bir biringizni) Alloh taolo buyurgan ishlarga targ’ib qilib, U
zot man qilgan ishlarni qilmaslik lozimligini uqtiring! ,dedilar ” (Imom
al-Buxoriy va Imom Muslim rivoyati) Demak, yuqorida aytilgan
ishlarni qilgan kishigina yo’lda zarurat yuzasidan turishga haqli.
Kimning ushbu ishlarni qilish qo’lidan kelmasa, yo’lda turib olishdan
ehtiyot bo’lsin. Aks holda gunohkor bo’ladi. Uyi yo’l yoqasida bo’lgan
xonadon rahbarlari oila a’zolarining bu kabi ish-yo’l ustida gapxoha
qilmasliklarini nazorat qilishga mas’uldirlar. Shuningdek, yosh
bolalarning ko’chada futbol, volleybol kabi o’yinlar o’ynab
yo’lovchilarga halaqit bermasliklarini nazorat qilish, ularga bu kabi
o’yinlarni chetroqda, stadionlarda o’ynash lozimligini tushuntirishlari
zarur. "Yo’l haqqi”ga hozirgi paytda yo’l qoidasiga rioya qilish
ham kiradi. Zero yo’l qoidasiga rioya qilmaslik-tezlikni oshirish,
svetoforga qarab harakatlanmaslik, mashinani to’xtash mumkin bo’lmagan
joyda to’xtatish, mashinani boshqara olmaydigan holatda (masalan, mudroq
bosganda) boshqarish kabilar ko’ngilsiz hodisalarga sabab bo’lishi
mumkin.