Axloq-odob
sohasidagi
qaytariqlar
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi.
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Halokatga olib boruvchi yetti
narsadan qochinglar!», dedilar. «Ular nima, ey Rasululloh?» deyishdi.
Janobi Payg‘ambarimiz: «Alloh taologa shirk keltirmoq, sehr-jodu qilmoq,
nohaq birovni o‘ldirmoq, sudxo‘rlik, yetimning haqqini yemoq, jang
maydonidan qochmoq, begunoh pokdomon mo‘mina ayollarga tuhmat qilmoq»,
dedilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)
Mug‘iyra ibn Shu’baning kotibi Varrod rivoyat
qiladi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mish-mish tarqatmoqni,
ezmalik qilmoqni, mol-dunyoni isrof etmoqni, ochko‘zlik qilmoqni,
onalarga itoatsizlik etmoqni va qizlarni tiriklayin ko‘mib tashlamoqni
(Islomdan avval arablarda shunday odat bo‘lgan) man qilganlar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Abdulloh ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar.
«G’azotlardan birida Payg‘ambar alayhissalom o‘ldirilgan ayol kishini
ko‘rib achindilar va ayol kishilarni va yosh bolalarni o‘ldirishni man
qildilar».
(Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat
qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Badgumon bo‘lmanglar,
badgumonlik eng yolg‘on so‘zdir, tirnoq ostidan kir qidirmanglar,
bir-biringizga hasad qilmanglar, bir-biringizdan arazlamanglar va
nafratlanmanglar, aka-uka tutinib, Allohning (solih) bandalari
bo‘linglar», dedilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Abu Said al-Xudriydan (r.a.)
rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘l bo‘yida
o‘tirishdan saqlaninglar», dedilar. Shunda sahobalar: «Buning chorasi
yo‘q, ey Rasululloh, chunki biz o‘tirib suhbatlashamiz», deyishdi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Bunga ko‘nmasanglar,
o‘tiringlaru faqat yo‘lning haqqini ado etinglar», dedilar. Sahobalar:
«Ey Rasululloh, yo‘lning haqqi nima?», deyishganida Rasululloh: «Ko‘zni
nomahramlarga qaratishdan tiyish, o‘tuvchilarga aziyat bermaslik,
salomga alik olish, yaxshilikka buyurib, yomonliklardan qaytarish»,
dedilar».
(Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat
qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ikki zaifning -
ayolning va yetimning molidan uzoq bo‘lishingizni vasiyat qilaman»,
dedilar».
(Imom ibn Moja rivoyatlari)
Jobirdan (r.a.) rivoyat
qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Zulmdan saqlaninglar,
chunki u Qiyomat kunida zulumot bo‘ladi. Va yana baxillik va
xasislikdan saqlaninglar. Chunki u sizlardan avvalgi ummatlarning
halokatga uchrashiga, qon to‘kishlariga hamda harom narsalarni halol
qilib olishlariga sabab bo‘lgan edi», dedilar». (Imom Muslim
rivoyatlari)
Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh: «Sizlarning
holingizga voy bo‘lsin! Yana sizlar mendan keyin kofir bo‘lib,
bir-biringizning gardaningizga (qilich) urib yurmanglar», dedilar. (Imom
Buxoriy va Muslim rivoyatlari)
Adiy ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam: «Hozir yana qaytarib aytaman, kimni biror
ishga boshliq qilsak, ozi va ko‘pini (yashirmay) olib kelsin. Nimani
bersak, uni olsin. Nimadan qaytarsak, uni olishdan o‘zini tiysin»,
dedilar. (Imom Muslim rivoyatlari)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatlarini
birovlarni yanglishtirishdan man etdilar. (Abu Dovud va Ahmad
rivoyatlari)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zini odamlardan chetga olib,
xilvatda zohidlik qilishdan man etganlar. (Imom Buxoriy va Muslim
rivoyatlari)
Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qiladilar. «Biz hazrat Umarning
huzurlarida o‘tirgan edik, u kishi: «Bizlar zimmamizga ortiqcha ish
(vazifa) olmoqdan qaytarildik», dedilar».
(Imom Buxoriy va Muslim
rivoyatlari)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh taolo sizlarni
otalaring nomi bilan qasam ichishdan qaytaradi». (Imom Buxoriy va Muslim
rivoyatlari)
Abdulloh ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi
vasallam bir odamning boshqa bir odamni turg‘izib, o‘rniga o‘zi o‘tirib
olmog‘ini man qildilar. Ammo janob Rasululloh shunday dedilar: «Nariroq
surilib joy bering va biroz siqilishib o‘tiring», denglar».
(Imom
Buxoriy rivoyatlari)
Abdulloh ibn Yazid al-Ansoriy (r.a.) rivoyat
qiladilar. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam birovning molini zo‘rlik
bilan tortib olishdan va birovga vahshiyona (quloq, burun va boshqa
a’zolarini qirqib) azob berishdan qaytardilar». (Imom Buxoriy
rivoyatlari)
Abdulloh ibn Umar (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh sollallohu
alayhi vasallam nazr qilmoqdan qaytardilar va: «U baloning oldini
ololmaydi, u orqali baxildan biror narsa undirib olingaydir, xolos»,
dedilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
obir ibn Abdullohdan (r.a.)
rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilichni
yalang‘ochlab yurishga odatlanishdan qaytarganlar».
(Imom Termiziy
rivoyatlari)
Abdulloh ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu
alayhi vasallam ayollarga taqlid qiluvchi erkaklarni va erkaklarga
taqlid qiluvchi ayollarni la’natladilar».
(Imom Buxoriy
rivoyatlari)
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam cho‘rilarning badanini pullab, tirikchilik qilishni man
etdilar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Abdulloh ibn Umardan (r.a.)
rivoyat qilinadi. «Nabiy sollallohu alayhi vasallam er kishini ikki
ayolning orasida yurishidan qaytardilar».
(Abu Dovud rivoyatlari)
Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam aytadilar: «Musibat yetganida yuzlarini yuladigan, yoqasini
yirtadigan va o‘zini qarg‘ab yig‘laydiganlarni Alloh taolo la’natlasin».
(Ibn Moja rivoyatlari)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mehmon uchun
ortiqcha takallufni (ziyofat uchun haddan tashqari urinishni) man
etganlar. (Hokim rivoyatlari)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir uyda yakka
uxlashni man etganlar. (Imom Ahmad rivoyatlari)
Abu Hurayradan va Abdulloh ibn
Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi
vasallam: «Hech bir banda: «Men Yunus ibn Mattodan yaxshiroqman»,
demasligi lozim», dedilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)
Abdulloh ibn Zam’adan (r.a.)
rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odam ichidan
chiqadigan narsa (el)ga kulmoqdan qaytardilar».
(Imom Buxoriy
rivoyatlari)
Abu Said Abdulloh ibn Mug‘affaldan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam (qo‘l bilan) mayda toshlarni otib o‘ynashdan
man qildilar va: «Bu bilan ov ham qilib bo‘lmaydi, dushmanni ham
o‘ldirib bo‘lmaydi, faqat u ko‘zni chiqarib, tishni sindiradi, xolos»,
dedilar».
(Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari)
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat
qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hukm chiqarishda rishva
(pora) beruvchini va uni oluvchini la’natlaganlar».
(Imom Termiziy
rivoyatlari)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhumlar sha’niga mubolag‘a
bilan madhiya va marsiya aytishni man etganlar.
(Ibn Moja va Hokim
rivoyatlari)
Usoma ibn Zayddan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam biror joyda vabo borligi bilinsa u yerga kirishdan, biror
joyda turilganda vabo boshlangani eshitilsa, o‘sha joydan chiqishdan
qaytarganlar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam aytdilar: «Qabriston ziyoratiga boruvchi ayollarni, qabriston
ustiga masjid quruvchi yoki chiroq yoquvchilarni Alloh taolo
la’natlasin!».
(Hokim rivoyatlari)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qabr ustiga
o‘tirishni, qabr ustini butunlay tekislab tashlashni yoki ustiga turli
baland qubbalar qurishni man etganlar.
(Imom Muslim, Abu Dovud va
Nasaiy rivoyatlari)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safardan o‘z
uyiga kechasi bemahal kirib kelishni man qilganlar. (Imom Buxoriy va
muslim rivoyatlari)
Abdulloh ibn Umardan (r.a.) rivoyat qilinadi.
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni Qur’on (ya’ni
Mushaf) bilan dushman yeriga safar qilmoqdan qaytardilar». (Bu yerda
Qur’on deyilgani bilan Mushaf deb tushunmoq kerak. Chunki Qur’on og‘zaki
tarzda nozil qilingan bo‘lib, dushman uni qalblardan tortib olib,
oyoqosti qilolmaydi).
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Rasululloh sollallohu alayhi
vasallam to‘xtab turgan ko‘lmak suvga siyishni man etganlar.
(Imom
Muslim, Nasaiy, Ibn Moja rivoyatlari)
Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. «Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam (biror narsaning baxtsizlik keltirishiga
ishonib) irim-sirim qilishdan qaytarganlar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)
Ummu Atiyya rivoyat qiladilar:
«Biz ayollar o‘likka uch kundan ortiq aza tutmoqdan qaytarilgan edik,
er o‘lsagina to‘rt oyu o‘n kun aza tutmoq mumkin edi... Biz ayollar
janozaga ergashmoqdan ham qaytarilgan edik». (Imom Buxoriy rivoyatlari)
Oisha (r.anho) rivoyat
qiladilar: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Mayitlarni haqorat
qilmanglar, chunki ular keladigan joylariga kelib bo‘ldilar», deganlar».
(Imom Buxoriy rivoyatlari)
Anas ibn Molik (r.a.) rivoyat qiladilar. «Rasululloh
sollallohu alayhi vasallam (sahobalarga qarata): «Birontangiz uzoq
xastalanib yotib qolsangiz, (bezor bo‘lganingizdan) o‘zingizga o‘lim
tilamang! Basharti shunday qilish zarur bo‘lsa: «Ey Parvardigorim, agar
(bundan keyingi) yashamog‘imning menga nafi bo‘lsa, meni tirik
qoldirgin, mabodo o‘lmog‘im afzal bo‘lsa, omonatingni olg‘il, deb
aytingiz», dedilar». (Imom Buxoriy rivoyatlari)